Ogahiy hayoti va faoliyati
XIX asrda Xiva xonligi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk siymolardan biri Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiydir.
U 1809-yilda Xiva shahri yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida mirob oilasida tavallud topgan.
Erniyozbek mirob 1812-yilda vafot qilgandan keyin Xiva xoni Olloqulixon Shermuhammad Avazbey o‘g‘li Munisni mamlakatning bosh mirobi qilib tayinlaydi. Munis Ogahiyning amakisi bo‘lib, otasi o‘rnida Ogahiyga 1829-yilgacha g‘amxo‘rlik qilgan. Uning bolalik va yoshlik yillari Qiyot qishlog‘ida o‘tdi va ulg‘aygach Xivadagi madrasalardan birida tahsil ko‘rdi. Arab, fors, turkiy xalqlar adabiyoti, shuningdek klassik musiqa hamda tarix fanini qunt bilan o‘rgandi. Sheʼriyat olamida uning taxallusi Ogahiy bo‘lib, lug‘aviy maʼnosi “ogohman”, “sergakman” demakdir.
1829-yilda amakisi Munis vafot etadi. Xiva xoni Ogahiyni Munisni miroblik vazifasiga tayinlaydi.
Ogahiy jahon adabiyoti, madaniyatining nodir durdonalari sanalgan 20 dan ortiq asarlarni o‘zbek tiliga o‘girib tarjima maktabini yaratdi.
Ogahiyning o‘zbek tilida yozilgan “Taʼviz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devonida 18 ming misra sheʼr va 83 muxammas jam qilingan bo‘lib, uning kirish qismida berilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Ogahiy quyidagi tarixiy kitoblarning muallifi bo‘lgan:
“Riyoz ud-davla” (“Davlat ishlari”, 1825-1842), “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymog‘i”, 1846-1855), “Jomye ul-voqeoti Sultoniy” (“Sultonlar voqealari to‘plami”, 1856-1865), “Gulshani davlat” (“Davlat gulshani”, 1865-1872), “Shohidi iqbol” (1872).
Mohir tarjimon sifatida Munis tugallay olmay ketgan Mirxondning “Ravzat us-safo” asarining 2-3-jildlarini, Muhammad Mahdixonning “Nodirnoma” (5 ta jild), Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Muhammad Yusuf Munshiyning “Tazkirai Muqimxoniy”, Nizomiddin Ahmad Haraviyning “Taboqati Akbarshohiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Ravzat us-safoi Nosiriy” nomli asarlari, Nizomiy Ganjaviyning “Haft paykar”, Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, Husrav Dehlaviyning “Haft Bihisht”, Muhammad Vorisning “Zubdat ul-hikoyat”, Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho”, “Salomon va Ibsol”, “Bahoriston”, “Xaft avrang” asarlarlari, Badriddin Hiloliyning “Shohu gado”, Vosifiyning “Badoye ul-voqoye” kitoblarini, Kaykovusning falsafa va ahloq masalalariga bag‘ishlangan “Qobusnoma” asarini, Husayn Voiz Koshifiyning “Ahloqi Muhsiniy”, Imomiddin Fijduvoniyning “Mifot ut tolibin” kitoblarini fors tilidan o‘zbekchaga mahorat bilan tarjima qilgan.
Ogahiy tarixga oid asarlar yaratib Munisning bu sohadagi anʼanalarini ham yana-da rivojlantirdi. Munis va Ogahiy hamkorlikda yozgan “Firdavs-ul iqbol” asari va o‘zining Xorazm tarixiga oid beshta asari faqat o‘zbek xalqining tarixini o‘rganish jihatdan ahamiyatli bo‘lib qolmasdan, balki qardosh tojik, qozoq, turkman, qoraqalpoq, rus, eron, afg‘on xalqlarining tarixi, madaniyati, sanʼati, urf-odatlari, shu xalqlarning kelib chiqishi, tirikchiligining manbai, qabilalarning tarixini o‘rganishda boy manba bo‘lib xizmat qiladi.
1845-yilda Ogahiy miroblik vazifasi bilan safarda yurganda otdan yiqilib oyog‘i sinadi. Keyinchalik u butunlay yura olmay qoladi. Uzoq vaqt davom etgan xastalikdan keyin Ogahiy 1874-yilda 65 yoshida vafot etdi.
Adibning qabri hozirgi kunda amakisi Shermuhammad Munis qabri bilan birgalikda Shayx Mavlon bobo qabristonida joylashgan bo‘lib, ushbu joy Xiva yaqinidagi Eski Qiyot qishlog‘ida joylashgan.
Ogahiy merosining o‘rganilishi
1958-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Subutoy Dolimov Xivaga borib, Ogahiy va Munisning qabrini topgan. 1959-yilda G‘afur G‘ulom, Ibrohim Mo‘minov, Qori Niyoziy, Zulfiya, Uyg‘un, Ayyomiy, Subutoy Dolimov, Egam Rahim, Quvomiddin Munirovlar tashabbusi bilan Ogahiy bog‘i, qabri tiklandi va birinchi marta uning yubileyi o‘tkazildi.
Mustaqillik yillarida shoir ijodiga alohida eʼtibor qaratildi. 1999-yilda uning 190 yillik yubileyi o‘tkazildi. 2009-yilda shoirning 200 yillik to‘yi davlatimiz miqyosida keng nishonlandi.
Adib qalamiga mansub 26 asardan hozirgi kunda 4 tasi topilmagan. Ogahiy yaratgan asarlarning 6 tasi (11 nusxada) Beruniy nomidagi Respublika Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Sank Peterburgda Ogahiyning 10 ta va Dushanba shahrida 8 ta asari saqlanadi.
Hozirgi kunda adib asarlarining 22 tasi, 72 ta qo‘lyozma nusxada dunyo fondlarida saqlanmoqda. Uning asarlarini birinchi bo‘lib Armeni Vamberi Sayid Muhammadxon davrida Xivaga kelgan vaqtida olib ketgan, 1873-yilda rus olimi A.Kun Xiva xoni xazinasidan 300 ta nodir kitoblarni olib ketganda Munis va Ogahiylarni asarlarini ham olib ketgan.
Rus sharqshunosi Vasiliy Bartold Markaziy Osiyolik tarixchilari asarlari qatorida Munis va Ogahiy asarlarini ham o‘rganib o‘zining “Turkiston sug‘orilish tarixi” (S.P. 1914) va “Turkman xalqi tarixidan lavhalar” kitoblarini yozgan. Undan keyin Pavel Ivanov “O‘rta Osiyo xalqlari tarixidan lavhalar” (1958), Aleksandr Borovkov “XIV – XIX asrlarda turkmanlar tarixi” asarlarida Ogahiy faoliyati, ijodi haqida maʼlumotlar keltirishgan.
O‘zbek olimlarining Ogahiy ijodiga bag‘ishlangan quyidagi asarlari mavjud:
Muhammadjon Yo‘ldoshev 1956-yilda “Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi” asarini yozgan.
Yahyo G‘ulomov 1976-yilda Ogahiy asarlariga suyanib o‘zining “Xorazm sug‘orilish tarixi” asarini yozgan.
Subutoy Dolimov 1962-yilda “Ogahiyning hayoti va ijodiy faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1970-yilda filologiya fanlari doktori Subutoy Dolimov va professor G‘ulom Karimov hamkorlikda Ogahiyning 6 jildlik asarlar majmuasini nashrga tayyorlashga kirishib, bu ishni 1980-yilda muvaffaqiyatli tugatdilar. Majmuaning 1-2 jildlari Ogahiyning lirik devoni “Taʼviz ul oshiqin”ni, 3-4 jildlari shoirning tarjima asarlarini, 5-6 jildlari esa Ogahiyning tarixiy asarlarini o‘z ichiga oladi. 1991-yilda Subutoy Dolimov Ogahiy tomonidan tarjima qilingan Kaykovusning “Qobusnoma” asarini tabdil qilib, nashrga tayyorlagan.
Ogahiy ijodini xalqimiz o‘rtasida keng tarqalishida shoir va dramaturg Komil Avazning xizmatlari katta.
1999-yilda shoirning 190 yillik to‘yi arafasida shoir tug‘ilgan qishloqda Ogahiy uy-muzeyi ochilgan.
2024-yil 4-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish to‘g‘risida”gi 205-son qarori qabul qilindi.