Bu yilgi nomzodlar bilan tanishing

“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
Gulnoz Nabieva
1981-yil 4-iyunda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat chet tillar institutining olmon filologiyasi fakultetini (2002), keyin esa shu fakultetning magistraturasini (2004) tamomlagan. Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasida ishlagan. Ayni damda mustaqil tarjimon sifatida faoliyat yuritadi. Tarjima qilgan asarlari: Olmon tilidan: 1. Iliya Trojanov (Germaniya) – “Olamlar sohibi” (roman); 2. Gianna Molinari (Shveysariya) – “Bu yerda hamma narsa bo‘‘lishi mumkin” (roman); Ingliz tilidan: 3. Uilliam Golding (Buyuk Britaniya) – “Vorislar” (roman) 4. Uilliam Golding (Buyuk Britaniya) – “Pashshalar hukmdori” (roman). Shuningdek, olmon shoirlari Yan Vagner, Daniyela Zeel, Monika Rink, Paul Selan, Niko Bloytke va Anya Kampmann she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga shveysariyalik yozuvchi Jianna Molinarining “Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin” romanining tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2021-yilda “Akademnashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan.
“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
RUSTAM JABBOROV
1979-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan (2003). Hozirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi lavozimida ishlamoqda. 2021-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD, 2020, SamDU). “Vijdon”, “Sirli olam sinoatlari”, “Xiyonat chorrahasi”, “Oyning o‘n beshi”, “Qirq birinchi tugun”, “Bir tanu ikki jon” singari nasriy kitoblari chop etilgan, uning senariylari asosida 6 ta badiiy, 2 ta hujjatli, 3 ta animatsion film yaratilgan. Tarjima qilgan asarlari: 1. O‘rxon Kamol (Turkiya) – “Tubanlik girdobidagi ayol” (roman); 2. Anar (Ozarbayjon) – “Qizil limuzin” (hikoyalar to‘plami); 3. Amina Shenlik o‘g‘li (Turkiya) – “Lo‘li” (roman); 4. Xolid Husayniy (AQSH) – “Shamol ortidan yugurib”, “Ming quyosh shu’lasi” (romanlar); 5. Voqif Sultonli (Ozarbayjon) – “O‘lim uyqusi” (qissa); 6. Yunus O‘g‘uz (Ozarbayjon) – “Otabek Eldengiz” (roman); 7. Voris (Ozarbayjon) – “Umidlar intihoda o‘ladi”, “Senga ishonaman” (romanlar); 8. Aziza Ja’farzoda (Ozarbayjon) – “Boku. 1501” (roman); 9. O‘raz Yag‘mur (Turkmaniston) – “Maxtumqulinoma” (roman-tadqiqot); 10. Aleksandr Griboyevdov (Rossiya) – “Aqllilik balosi” (pyesa), Shuningdek, Gi de Mopassan, Redyard Kipling, Artur Konan Doyl, Agata Kristi, Gabriel’ Garsia Markes, Sodiq Hidoyat, Aziz Nesin, Knut Xamsun, Ivan Bunin, Doris Lessing, Ante Tomich, Og Magdino, Daniyela Stil singari dunyo adabiyoti namoyandalari hikoyalarini, 100 ga yaqin xorijiy filmlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga turk adibi Okay Tiryaki o‘g‘lining “Mavlono” romani tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2024-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan.
“O‘ZBEK SHE’RIYATIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
SHERMUROD SUBHON
1966-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan (1992). 1992–1996-yillarda, dastlab Turkiyaning Edirna shahri Trakiya universiteti qoshidagi TÖMER turk tilini o‘rgatish markazida, so‘ngra Istanbul universiteti adabiyot fakulteti magistraturasida tahsil olgan. Hozirda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Xorijiy tillar kafedrasida turk tili o‘qituvchisi vazifasida ishlamoqda. 2016-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “O‘zbek modern she’riyati” bayozi (hammualliflikda), “She’riyat iqlimi”, “Sokin so‘z suvrati” nomli to‘plamlari chop etilgan. Tarjima qilgan asarlari: 1. Burhon Sharaf (Tatariston) – “Buxoro maktublari” (xotira qaydlari to‘plami), tatar tilidan tarjima; 2. Eluja Otali (Ozarbayjon) – “O‘zing kel” (hikoyalar to‘plami), ozarbayjon tilidan tarjima; 3. Mehmet O‘nder (Turkiya) – “Mavlono” (roman), turk tilidan tarjima; 4. Hayrettin Ivgin (Turkiya) – “Manas” (roman), turk tilidan tarjima; 5. “Sukunatning sassiz sadosi” (turk va yapon she’riyati vakillari she’rlaridan iborat to‘plam). Shuningdek, 2022-yilda chop etilgan «Turkiy adabiyot durdonalari» 100 jildligining 53-jildi – turk shoirlari Sazoiy Qoraqo‘ch hamda Jo‘shqin Qorabulut she’riy to‘plamlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashrga tayyorlagan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamovaning “İki Güneş” (“Ikki quyosh”) to‘plamining turk tiliga tarjimasini taqdim qildi. Kitob 2020-yilda Turkiyaning Anqara shahri “Günce” nashriyotida chop etilgan.
“O‘ZBEK SHE’RIYATIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
ASADULLOH ISMOILZODA
1970-yil 7-iyunda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Chorbog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini sirtdan tamomlagan (1992). Shuning barobarida Sariosiyo tumanida maktabda o‘qituvchi, tuman gazetasida muxbir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib vazifalarida ishlagan. 2000-yildan boshlab mehnat faoliyatini Samarqand viloyatida davom ettirgan. 2019-yildan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Hozirgi kunda “Durdonai Sharq” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi qoshidagi tojik adabiyoti bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelmoqda. «Atri vahdat» («Yagonalik gulobi»), «Namozgohi xurshed» («Quyosh joynamozi»), «Osiyoi qismat» («Taqdir tegirmoni»), «Ashki oshiq» («Oshiqning ko‘z yoshi»), «Gulbo‘sai ishq» («Ishq gulbo‘sasi»), “Bahori maktab” (“Maktab bahori”) kabi she’riy to‘plamlar muallifi. Tarjima qilgan asarlari: 1. “Daraxti do‘sti” (“Do‘stlik daraxti”) – o‘n uch nafar o‘zbek shoiri she’rlarining tarjimasidan iborat to‘plam; 2. Erkin Vohidov. “Donishqishloq hangomalari” (turkum) – o‘zbek tilidan tojikchaga tarjima. Shuningdek, Alisher Navoiy “Layli va Majnun” dostonining 300 dan ortiq baytini tojik tiliga tarjima qilib sobiq sho‘rolar davridagi Jonibek Quvnoq tarjimasini tahrir etib, na’t va munojotlarini o‘zbek tiliga o‘girib, chop ettirgan. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayid, Nodir Jonuzoq, Botir Ergash, Xosiyat Bobomurodova va boshqa o‘ndan ortiq shoirlarning she’rlarini tojik tiliga tarjima qilgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Donishqishloq hangomalari” she’riy turkumining tojik tiliga tarjimasini taqdim qildi. Kitob 2021-yilda “Turon nashr” nashriyotida chop qilingan.
“O‘ZBEK NASRIDAN XORIJIY TILLARGA TARJIMA” YO‘NALISHI
DILDORA ISMOILOVA
1985-yil 17-oktabrda Toshkent viloyati, Toshkent tumani, “Sanoat” mahallasida tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (2008). Ilk tarjima asarlari 2020-yildan boshlab nashr etila boshlangan. O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasida tarjimon bo‘lib ishlab kelmoqda. Tarjimon, mustaqil ilmiy tadqiqotchi, bir necha ilmiy maqolalar va xitoy tilida nashr etilgan o‘nga yaqin hikoyalar muallifi. Tarjima qilgan asarlari: 1. O‘tkir Hoshimov. “Urushning so‘nggi qurboni” (hikoya), xitoy tiliga tarjima; 2. O‘tkir Hoshimov. “Nur borki, soya bor” (roman), xitoy tiliga tarjima; 3. An’anaviy Xitoy tibbiyoti xazinasi: An’anaviy Xitoy tibbiyotida keng qo’llaniladigan tashqi davolash usullari uchun amaliy me’yorlari nomli tibbiy qo’llanma (xitoy tilidan o‘zbek tiliga tarjima). 4. Xitoyning turli mamlakatlar davlat arboblari, xorijiy elchixonalar, konsulliklar va xalqaro tashkilotlarga bag‘ishlangan bosma nashri – LOOKWE ning 2025-yil, may oyidagi O‘zbekistonga bag‘ishlangan soni (xitoy tiliga tarjima). Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Nur borki, soya bor” romanining tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2024-yilda “Silk Road Publishing” nashriyoti tomonidan chop etilgan.
“O‘ZBEK NASRIDAN XORIJIY TILLARGA TARJIMA” YO‘NALISHI
SAID MAHMUD SAID MUBASHIR
1973-yili Afg‘onistonning Mozori SHarif viloyatida tug‘ilgan, etnik o‘zbek, Afg‘oniston fuqarosi. 1979-yili oilasi bilan Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tgan va arab maktablarida ta’lim olgan, 1993-yili Abho shahridagi “Al-Fahd” nomidagi (o‘n ikki yillik) o‘rta maktabni tamomlagan. Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi diplomatik missiyasida (1993–2008) ishlagan. Hozirgi kunda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutida “Arab manbalari asosida Markaziy Osiyo tarixini tadqiq etish” loyihasida mutaxassis bo‘lib faoliyat olib bormoqda. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani arab tiliga tarjimasini taqdim etdi. Kitob Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi tomonidan 2024-yili Ar-Riyodda nashr etilgan.
“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
MURTAZO SAYDUMAROV
1960-yili Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) Sharq fakultetini tamomlagan (1984). Hozirgi vaqtda Diplomat University Axborot texnologiyalari va xorijiy tillar kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Tarjimalari 1990-yildan buyon chop etib kelinadi. 2021-yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan (2023). Tarjima qilgan asarlari 1. “Tanlangan o‘zbek hikoyalari” (Quvayt) – o‘zbek tilidan arabchaga tarjima. 2. Xamza Muxammad Bogari “Pod senyu svyatin» (Moskva) – roman, arab tilidan ruschaga tarjima. 3. “Rasskazi sovremennix saudovskix pisateley” (Moskva) – Aleksandra Smirnova bilan hammualliflikda arab tilidan ruschaga tarjima. Arab tilidan o‘zbekchaga tarjimalar: 4. Munir Utayba (Misr) – “Kavkaz arsloni” (roman); 5. Maha al-Faysal (Saudiya Arabistoni) – “Tavba va Sulayyo” (roman); 6. Hamza Buqariy (Saudiya Arabistoni) – “Safo ayvoni” (roman), 7. Homid Damanhuriy (Saudiya Arabistoni) – “Qurbonlik qiymati yoxud muhabbat va burch” (roman); 8. Ibrohim Nosir Humaydon (Saudiya Arabistoni) – “Tun zulmatidagi nur” (roman); 9. Xayriya as-Saqqof (Saudiya Arabistoni) – “Dengizlar osha olislar sari” (hikoyalar to‘plami); 10. Solih Zamanan (Saudiya Arabistoni) – “Abadiyat manzillari” (nasriy she’rlar to‘plami); Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga arab adibasi Badriya al-Bishrning “Al-A’sho ko‘chasidagi ishq qissalari” romanining tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2025-yil “Yangi asr avlodi” NMIU tomonidan chop etilgan.
“JAHON SHE’RIYATIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
SIROJIDDIN RAUF
1967-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini (1992) va Toshkent davlat yuridik institutini (hozirgi ToshDYUU) tamomlagan (2002). Mehnat faoliyatini «Qashqadaryo» viloyat gazetasida musahhihlikdan boshlagan. Ijodkor keyinchalik «Turkiston», «Inson va qonun», «Birja», «Jamiyat» gazetalarida, «Tafakkur», «Hayot va qonun» jurnallarida bo‘lim muharriri, bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi vazifalarida xizmat qilgan. Hozirda «Sharq yulduzi» va «Zvezda Vostoka» jurnallari bosh muharriri. Uning “Yig‘layotgan oy”, “Ko‘k gumbaz”, “Siz menga keraksiz”, “Tashrif”, “Muallaq cheksizlik”, “Niliy naqshlar”, “Men bir fuqaro” nomli she’riy hamda bolalarga bag‘ishlangan “G‘alati musobaqa” kitoblari nashr etilgan. Rus shoirlari Ivan Bunin, Yevgeniy Yevtushenko, Bair Dugarov, ukrain adabiyoti vakillari Ivan Franko, Lesya Ukrainka, belarus adabiyotidan Yakub Kolas, Mixail Pozdnyakov va boshqa qardosh xalqlar ijodkorlari she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. «SHuhrat» medali bilan taqdirlangan (2002). Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga ukrain shoirasi Lesya Ukrainka she’rlari, dostonlari va dramalari jamlangan “Tong otmoqda” to‘plami bilan qatnashmoqda. Kitob 2022-yilda “Adib” nashriyotida chop etilgan.
“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHIGA
IZZAT AHMEDOV
1959-yil 25-sentabrda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan (1987). Tarjimalari 1988-yildan beri chop etib kelinadi. 2022-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Tojmahaldagi muhabbat” (2015), “Tog‘larga qor yoqqanda” (2021) hikoyalar to‘plamlari chop etilgan. “Buyuklar muhabbati”, “Dunyo malikalari”, “Monte-Kristoning sirli xazinasi”, “Xarobadan chiqqan mashhurlar”, “Telefon qilgan baliq”, “Ummon ostidagi dur” kabi ilmiy-ommabop to‘plamlari nashr qilingan. Tarjima qilgan asarlari: 1. Nodar Dumbadze (Gruziya) − “Hislarimni qo‘zg‘ama” (hikoyalar to‘plami); 2. Nodar Dumbadze (Gruziya) − “Quyoshli tun” (roman): 3. Nodar Dumbadze (Gruziya) − “Qo‘rqmang, onajon” (roman); 4. Agata Kristi (Angliya) − “Izquvar Puaro” (hikoyalar to‘plami); 5. Agata Kristi (Angliya) − “Staylzdagi sirli qotillik” (roman); 6. Agata Kristi (Angliya) − “Sitafforddagi qotillik” (roman); 7. Agata Kristi (Angliya) − “O‘g‘irlangan million dollar” (hikoyalar to‘plami). Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga Nodar Dumbadzening “Qo‘rqmang, onajon” romani tarjimasini taqdim qildi. Kitob G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU tomonidan 2024-yilda chop qilingan.
“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
JO‘RA FOZIL
1949-yil 5-oktabrda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugallagan (1976). 1992-yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Muhabbatning bayramlari” (1991), “Barqut mavsum” (1992), “Buxoroyi sharif elchilari” (1996), “Baxt yulduzi” (1997), “Mening qizil gulim” (1998), “Bolalikning yolg‘iz yodgori” (2002), “Buxoriyning qaytishi” (2004), “Ayriliq ostonasi” (2006), “Biz lola termagan bahor” (2010) “Oshiq Buxoriy qissalari” (2016) kabi kitoblari nashr etilgan. “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan (2019). Tarjima qilgan asarlari: 1. Konstantin Paustovskiy (Rossiya) – “Sevgi” (roman); 2. Viktor Astafyev (Rossiya) – “G‘amgin sarguzasht” (roman); 3. Viktor Astafyev (Rossiya) – “Munavvar yulduzlar” (qissa). Shuningdek, V.Astafyev va K.Paustovskiyning o‘ndan ortiq hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga Konstantin Paustovskiyning “Sevgi” romani va qator hikoyalaridan tartib berilgan “Dengizdan esgan shabada” kitobini taqdim etdi. Kitob 2021-yilda “O‘zbekiston” NMIU tomonidan “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligi loyihasi doirasida chop etilgan.
“O‘ZBEK NASRIDAN XORIJIY TILLARGA TARJIMA” YO‘NALISHI
SHAHLO QOSIMOVA
1964-yilning 19-fevralida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) moliya-iqtisod fakultetini tamomlagan. O‘zbek adabiyotidan rus va ozarbayjon tillariga, ozarbayjon adabiyotidan rus va o‘zbek tillariga tarjima qiladi. 2023-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Shuningdek, Ozarbayjon Yozuvchilar birligi (2016) va Ali Karim nomidagi Sumgait shahri Poeziya uyining (2016) faxriy a’zosi. Tarjima qilgan asarlari: 1. Muhammad Ali (O‘zbekiston) – “Kleopatra” (roman), rus tiliga tarjima; 2. Ahmad Javod (Ozarbayjon) – “Men haqiqat sadosiman” (she’riy to‘plam), ozarbayjon tilidan o‘zbekchaga tarjima; 3. Xurshidbonu Notavon (Ozarbayjon) – “Xurshidga yetar boshim” (she’riy to‘plam), ozarbayjon tilidan o‘zbekchaga tarjima; 4. Firuz Mustafo (Ozarbayjon) – “Dengiz ko‘chmanchilari” (qissa va hikoyalar to‘plami), ozarbayjon tilidan o‘zbekchaga tarjima; 5. Firuz Mustafa (Ozarbayjon) – “Beliy tanets” (hikoyalar to‘plami), ozarbayjon tilidan ruschaga tarjima; 6. Xurshid Do‘stmuhammad (O‘zbekiston) – “Donishmand Sizif” (roman), o‘zbek tilidan ruschaga tarjima; 7. Laylo Aliyeva (Ozarbayjon) – “Dunyo tushdek erib bormoqda” (she’riy to‘plam), ozarbayjon tilidan o‘zbekchaga tarjima; 8. Iftixor (Ozarbayjon) – “Turon” (drama), ozarbayjon tilidan o‘zbekchaga tarjima; 9. Risolat Haydarova (O‘zbekiston) – “Kolya aka” (esse) o‘zbek tilidan ruschaga tarjima. Shuningdek, 2022-yilda nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi 65- va 71-jildlarining nashri uchun mas’ul bo‘lgan, ushbu majmuaning ozarbayjon adabiyotiga bag‘ishlangan jildlarida tarjimalari bilan qatnashgan, o‘n beshdan ortiq o‘zbek shoiri she’rlaridan iborat “O‘zbek she’riyati gulchambari” nomli she’riy to‘plamini ozarbayjon tiliga tarjimada chop qildirgan, ozarbayjon adabiyotshunoslarining o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti tadqiqiga bag‘ishlangan qator kitoblarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Kleopatra” romani tarjimasini taqdim qildi. Asar 2023-yilda “Zvezda Vostoka” jurnalining 3-5-sonlarida davomli qilib chop etilgan.
“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
SAIDJALOL SAIDMURODOV
1990-yil 2-noyabrda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini (2012), keyin esa shu fakultetning “Noshirlik ishi va tahrir” yo‘nalishi magistraturasini (2016) tamomlagan. Ayni damda “Yoshlik” jurnalida xizmat qiladi. Tarjima qilgan asarlari: 1. Erix Mariya Remark (Germaniya) – “Lissabondagi tun”, “Ortga yo‘l”, “Zafar darvozasi” (romanlar); 2. Fransuaza Sagan (Fransiya) – “Assalom, qayg‘u” (roman); 3. Stiven King (AQSH) – “Mergan”, “Rita Xeyvort yoxud Shoushenkdan qochish” (romanlar); 4. O‘rxon Kamol (Turkiya) – “Etmish ikkinchi kamera” (qissa va hikoyalar to‘plami); Shuningdek, Amerika yozuvchilari Jek London, O.Henri, Teodor Drayzer, Jon Steynbek, Ernest Xeminguey, Albert Mals, Marjori Kinnan Rolings, ingliz adibasi Elizabet Jolli, Venesuela yozuvchisi Arturo Uslar Pyetri, nemis yozuvchisi Patrik Zyuskind, fransuz yozuvchilari Onore de Balzak, Gi de Mopassan, Alfons Dode, Oktav Mirbo, yapon yozuvchilari Ryunoske Akutagava, Edogava Rampo, Kobo Abe, fin yozuvchisi Martti Larni, rus yozuvchilari Aleksandr Soljenitsin, Andrey Platonov, Vasiliy Shukshin, Vladimir Nabokov, Viktoriya Tokareva, Yuriy Kazakov, Aleksandr Kuprin, Viktor Astafyev, Aleksandr Bestujev, Ivan Bunin, Vladislav Avdeyev asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga nemis yozuvchisi Erix Mariya Remarkning “Zafar darvozasi” romanining tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2025-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan.
“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
SHARIFJON AHMAD
1969-yil 31-iyulda Andijon viloyati Asaka tumanidagi Beshbola qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakul’tetini tamomlagan (1992). Xorxe Luis Borxes ijodiy merosi tadqiqiga doir esselari jamlangan “Bir tushning evrilishlari” kitobi (2019) chop etilgan. 2022-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Niderlandiyada yashab, ijod qiladi. Tarjima qilgan asarlari: 1. Andrey Platonov (Rossiya) – “Jon”, “Xandaq” (qissalar), rus tilidan tarjima; 2. Temur Po‘latov (Rossiya) – “Qoldir o‘limni dog‘da” (qissa), rus tilidan tarjima; 3. Anni Shmidt, “Mushuklar malikasi Minush” (qissa), niderland tilidan tarjima; 4. Jubron Xalil Jubron (Livan) – “Al-Mustafo” (esselar to‘plami), ingliz tilidan tarjima. Shuningdek, Xulio Kortasar va Xorxe Luis Borxes (Argentina) hikoyalarini ispan tilidan, Garsia Markes (Kolumbiya) “Oshkora qotillik solnomasi” va “Polkovnikka birov maktub bitmas” qissalarini tarjima qilgan (ispan tilidan). Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga rus adibi Andrey Platonovning “Xandaq” qissasi tarjimasi taqdim etiladi. Kitob 2024-yilda “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan.
“JAHON NASRIDAN TARJIMA” YO‘NALISHIGA
VAFO FAYZULLOH
1963-yil 27-iyulda Navoiy viloyati, Karmana tumanining Tog‘guzar qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini (1986), Moskva shahridagi M.Gor’kiy nomidagi Adabiyot instituti qoshidagi Oliy adabiyot kursini (2011) tamomlagan. “Hut” (1993), “Xabarsiz sevinch” (1997), “Mangu lahza” (2000), “Azaliy g‘ussa” (2013), “Qoyadagi daftar” (2020) kabi she’riy; “Chaqmoq yorug‘i” (2012), “Kurtakda daraxtni ko‘rmoq”, “Haq va haqiqat xayoli” (2022) kabi adabiy-tanqidiy; “Burhon chiroqchi” (2024) publitsistik to‘plamlari chop etilgan. 1996-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 1990-yildan beri badiiy tarjima bilan shug‘ullanadi. Tarjima qilgan asarlari: 1. Moris Meterlink (Belgiya) – “So‘qirlar” (drama); 2. Frans Kafka (Chexiya) – “Otamga xat” (esse); 3. Frans Kafka (Chexiya) – “Jarayon” (roman); 4. Garsia Markes (Kolumbiya) – “Polkovnikka hech kim xat yozmaydi” (qissa); 5. Frans Kafka (Chexiya) – “Qal’a” (roman). Shuningdek, Moris Meterlink (Bel’giya), Ryunoske Akutagava (Yaponiya), Knut Hamsun (Norvegiya), Xorxe Luis Borxes (Argentina), Chingiz Aytmatov (Qirg‘iziston) hikoyalarini, O‘ljas Sulaymonov (Qozog‘iston), Sharl Bodler, Pol Verlen va Artyur Rembo (Fransiya), Ivan Bunin, Nikolay Gumilyov, Sergey Yesenin, Marina Svetayeva va Iosif Brodskiy (Rossiya) she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga Frans Kafkaning “Qal’a” romani tarjimasini taqdim qildi. Kitob 2023-yilda “Muharrir” nashriyoti tomonidan chop qilingan.
“JAHON BOLALAR ADABIYOTIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
JAHONGIR SANAQULOV
1984-yil 6-fevralda Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. Ayni damda Urganch davlat universiteti tayanch doktoranti. Samarqand davlat chet tillar institutining fransuz filologiyasi fakultetini (2007), keyin magistraturasini tamomlagan (2013). Fransuz she’riyatidan qilgan tarjimalari talabalik paytlaridayoq respublika nashrlarida e’lon qilingan. Tarjima qilgan asarlari: 1. Tog‘ay Murod. “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” (roman). O‘zbek tilidan fransuzchaga tarjima. 2. Lyusyen Keren (Fransiya). “Asrlarni yoritgan yulduzlar” – Mirzo Ulug‘bek hayoti haqida ilmiy-tarixiy hikoya. Fransuz tilidan o‘zbekchaga tarjima. 3. Ketlin Miller (Fransiya). “Sahro guli” (roman). Fransuz tilidan o‘zbekchaga tarjima. 4. “Nouvelles et legends ouzbèkes” (“O‘zbek hikoyat va rivoyatlari”). Fransuz tilidan o‘zbekchaga tarjima. 5. “Amir Temur, Boyazid va xristian qirollari yozishmalari”. Shuningdek, fransuz she’riyati vakillari Maks Pol Fushe, Ami Kurvuazie, Odil Karadek, Jil Pudlovskiy, Giyom Apolliner ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga, Atoiy, Lutfiy g‘azallari, Muhammad Yusuf she’rlarini fransuz tiliga o‘girgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga “Nouvelles et legends ouzbèkes” (“O‘zbek hikoya va rivoyatlari”) kitobini taqdim etdi. Kitob 2024-yilda “Sahhof” nashriyotida chop etilgan.
“JAHON BOLALAR ADABIYOTIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
OCHIL TOHIR
1955-yil 5-mayda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Ko‘hnashahar qishlog‘ida tug‘ilgan. 1979-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Qarz” (1994), “Sog‘inch sohili” (1997), “Ko‘nglim bilan suhbat” (2013), “Shaklsiz olam” (2015), “Vaqt ushoqlari” she’riy to‘plamlari muallifi. Bolalar uchun “Maqtanchoq mushuk” (2016), “G‘olib xo‘roz” (2017), “Harflar jamlanmasi” (2017), “Sanay turib adashma” (2019), “Odobli bola” 2020) kitoblari nashr etilgan. 2020-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Tarjima qilgan asarlari: 1. Jo‘ldasbay Nurulla (Qoraqalpog‘iston) – “Sumalak” (she’riy to‘plam); 2. “Qoraqalpoq xalq qo‘shiqlari” to‘plami; 3. Selma Lagerlyof (Shvetsiya) – “Nilsning yovvoyi g‘ozlar bilan sayohati” (roman); Shuningdek, rus adabiyotidan Vasiliy Shukshin va Velimir Xlebnikov hikoyalarini, Bella Axmadulina, Osip Mandelshtam she’rlarini, turkman adabiyotidan Nobatquli Rejebov, O‘razquli Onnayev, Qadamurat Atoyev, Juma Xudayguli hikoyalarini asliyat tilidan tarjima qilgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga shved adibasi Selma Lagerlyofning bolalar uchun yozgan “Nilsning yovvoyi g‘ozlar bilan sayohati” ertak-romanining tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2023 yilda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan.
“O‘ZBEK NASRIDAN XORIJIY TILLARGA TARJIMA” YO‘NALISHI
MUHAMMAD AL-JIBALI
1971-yil 13-noyabrda Misrning Tanta shahrida tug‘ilgan. 1994-yilda Ayn Shams universitetini «Rus tili va rus adabiyoti» yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2001-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universitetida filologiya fanlari nomzodi dissertatsiyasini yoqlagan. Luksor universiteti xorijiy tillar fakulteti dekani, professor, 2023-yildan beri Misr Madaniyat vazirligining madaniyat oliy kengashi tarjima sho‘basi a’zosi sifatida faoliyat olib boradi. Tarjima qilgan asarlari: 1. Yusuf Zeydan (Misr) – «Nabatliklar» (roman), arab tilidan ruschaga tarjima; 2. Yusuf Zeydan (Misr) – «Azozil» (roman), P. Gulkin bilan hammualiflikda, arab tilidan ruschaga tarjima. 3. Fyodor Dostoyevskiy (Rossiya) – «Qiyofadosh» (roman), rus tilidan arabchaga tarjima; 4. Qosim Jo‘mart To‘qayev (Qozog‘iston) – «Nur va soya» (ijtimoiy risola), rus tilidan arabchaga tarjima; 5. Yelena Chijova (Rossiya) – «Ayollar zamoni» (roman), rus tilidan arabchaga tarjima; Shuningdek, o‘nga yaqin ilmiy, ijtimoiy va siyosiy risolalarni rus tilidan arab tiliga va arab tilidan ruschaga tarjima qilgan, siyosiy va iqtisodiy atamalar lug‘atini yaratgan, tarjima nazariyasi va amaliyotiga doir darslik va qo‘llanmalar yozgan. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga atoqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2023-yilda Qohirada “Dor ul-maorif” nashriyoti tomonidan “O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” nomi ostida chop etilgan.
Alina Toxtayeva
“JAHON BOLALAR ADABIYOTIDAN TARJIMA” YO‘NALISHI
LOLA FATTOYEVA
1974-yil 25-oktabrda Buxoro viloyati, Buxoro tumani, “Ipakchi” jamoa xo‘jaligida tug‘ilgan. Buxoro davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1996). Dastlabki tarjimalari (ertaklar va hikoyalar) 2016-yildan boshlab bolalar nashrlarida chop etila boshlangan. Bolalar uchun “99 savolga 99 javob” kitobi muallifi. “O‘zbekiston” nashriyotining Badiiy va bolalar adabiyoti tahririyati mudirasi sifatida mehnat qiladi. 2024-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Tarjima qilgan asarlari: 1. Togava Yukio (Yaponiya) – “Qirol Kiba” (roman); 2. Mark Levi (Fransiya) – “Soya o‘g‘risi” (roman); 3. Richard Adams (Britaniya) – “Tepalik ahli” (roman). Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga ingliz yozuvchisi Richard Adamsning bolalar uchun yozgan “Tepalik ahli” ertak-romanining tarjimasini taqdim etdi. Kitob 2024-yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan.