Mixail Sinelnikov (Rossiya) – tarjimon
Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofoti O’zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo’nalishi g‘olibi
«Антология узбекской поэзии» 3 jildlik majmuasi uchun
Mixail Sinelnikov (Rossiya) – tarjimon
Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofoti O’zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo’nalishi g‘olibi
«Антология узбекской поэзии» 3 jildlik majmuasi uchun
Said Mahmud Said Mubashir – (Saudiya Arabistoni) tarjimon
Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning O‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yo’nalishi g‘olibi
Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romani (arab tiliga tarjimasi) uchun
Xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalarida O’zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2024-yil 4-iyundagi “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori bilan ta’sis etilgan xalqaro mukofot sohiblari taqdirlangani haqida xabarlar chop etilmoqda.
Hindistonda chop etiluvchi “Kashmir Age” kundalik gazetasi Toshkentda 2025-yil 24-dekabrda bo‘lib o‘tgan Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlarini taqdirlash marosimi haqida batafsil axborot chop etdi.
“Ushbu xalqaro mukofot bu yil birinchi marta topshirildi, – deyiladi xabarda. – Taqdirlanganlar orasida Hindiston vakilasi, Prayagrajdagi Rajarshi Tandon Mahila Mahavidyalaya kolleji o‘qituvchisi, shoira va tarjimon Shamenaz Bano ham borligi Vatanimiz ziyolilarining mehnatiga chuqur ehtirom bilan qaralganidan dalolat beradi”.
Chop etilgan xabarda Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning mohiyati va nufuzi to‘g‘risida ma’lumot berilib, ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan boshqa tarjimonlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi haqida iliq so‘zlar bitilgan. Jumladan: “Muhammad Rizo Ogahiy – o‘zbek badiiy tarjima maktabining asoschisi hisoblanadi. 19-asrda yashab o‘tgan bu shoir, olim va tarjimon Sharq mumtoz adabiyoti va Sharq ilmining ko‘plab asarlarini o‘z ona tilisiga o‘girgan bo‘lib, bugungi o‘zbek tarjimonlari o‘zlarini Ogahiy an’analarining davomchisi deb biladilar. Shu boisdan xalqaro mukofotga Ogahiy nomi berilgan. Mukofot o‘zbek adiblari asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotidagi eng yaxshi asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan eng mahoratli tarjimonlarga beriladi”, deyiladi.
“Kashmir Age” kundalik gazetasi Kashmir Press Services Media Group (KPS) kompaniyasi tomonidan 2008-yildan beri ingliz tilida bosma va elektron shaklda chop etib kelinadi. Mazkur gazetaning tahririyati Kashmir shtati poytaxti Shrinagar shahrida joylashgan bo‘lib, bosma nashri Hindistonning eng yirik ikki shtati Jammu va Kashmirda 2 millionga yaqin nusxada tarqaladi. Mazkur nashr Jammu va Kashmir hududidagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy yangiliklardan xabardor etib turuvchi asosiy manbalardan biri sanalgani uchun gazetaning elektron shakli obunachilari butun Hindiston bo‘ylab tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonlik shoira va tarjimon Shamenaz Bano Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning o‘zbek bolalar adabiyotidan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishi bo‘yicha taqdirlangan bo‘lib, u O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning “Meshpolvon” qissasini hindiy tiliga tarjima qilgan, kitob Hindistondagi “Creative Print Media. Inc” nashriyotida chop etilgan edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish to‘g‘risida”gi qarori Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning taʼsis etilishi adabiy hayotning eng muhim voqeasi bo‘ldi.
Bugun “Renessans” kino uyida ushbu mukofot tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, keng jamoatchilik vakillari hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Dastavval, “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” mavzusidagi videorolik namoyish qilindi. Tantanali tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi.
– Bu mukofot milliy adabiyotimizga jahon adabiyotidagi ilg‘or shakl va izlanishlarni olib kirayotgan, o‘zbek adabiyotining sara asarlarini xorijda targ‘ib qilayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatiga munosib rag‘batdir, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Xalqaro mukofot tanloviga kelgan asarlarni saralash va ko‘rib chiqish tartibi belgilandi. Tanlovga jami 60 nafar tarjimondan ijodiy ishlar qabul qilindi. Bu tanlov nominatsiyasining har biriga o‘rta hisobda 10 nafardan nomzod to‘g‘ri keldi, deganidir.
– Tanlovga kelgan asarlarga baho berish uchun xorijiy til mutaxassislari, tarjimashunoslar, adabiyotshunoslar va tarjima muharrirlaridan iborat ekspertlar guruhi tuzildi, – dedi tanlov ishchi guruhi kotibi Risolat Haydarova. – Asarlarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston davlat jahon tillari, Toshkent davlat sharqshunoslik, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlari mutaxassislari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari faol ishtirok etishdi. Ekspertlardan tashqari, tanlovga kelgan ijodiy ishlarni ko‘rib chiqish uchun ikkita tarkibda ishchi guruh tashkil etildi. Ularning biri – o‘zbek adabiyotidan xorijiy tillarga qilingan tarjimalarni, ikkinchisi jahon adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan tarjimalarni ko‘rib chiqdi.
Prezident qarorida belgilangan 6 ta asosiy nominatsiyadan tashqari qo‘shimcha 3 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ajratildi. Bular – “Badiiy tarjima rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” (O‘zbekiston fuqarolariga), “O‘zbek adabiyotini xorijda faol targ‘ib qilganligi uchun” (xorijlik tarjimonga), “Umidli tarjimon” (yosh tarjimonlarga).
Bugungi taqdirlash marosimida Xalqaro mukofot g‘oliblarining har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari, rag‘batlantiruvchi mukofot egalari esa faxriy yorliq va bazaviy hisoblash miqdorining 55 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
– Bu tanlov tarjimonlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, – dedi tanlov g‘olibi Nodira Ibrohimova. – Avvalo, adabiy jamoatchilikning yuksak eʼtirofi, qolaversa, tarjimonning ijodiy biografiyasi uchun juda yaxshi tavsif, albatta, salmoqli moddiy rag‘bat, bularning bari tarjimonning mehnati, uning keyingi qadamlari uchun ijobiy turtki vazifasini o‘taydi.
Tanlov badiiy tarjima sohasining rivoji uchun ham muhim ahamiyatga ega. Tarjimashunoslik sohasi uchun yangi-yangi tadqiqot obyektlari yaratiladi, o‘zbek adabiyoti targ‘iboti uchun ufqlar kengayadi, yosh tarjimonlarni yetishtirish ishlari ham yangi bosqichga ko‘tariladi, chunki yoshlar intilishi uchun yuksak eʼtirof cho‘qqisi yuzaga keladi.
Zulayho Ahmadjonova tayyorladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli tarjimon ijodkorlar Muzaffar Ahmad va Rustam Jabborov qardosh xalqlar adabiyoti namunalarini o‘zbek kitobxoni o‘rtasida ommalashtirishdek xayrli ishga munosib hissa qo‘shganlari uchun Nosir Fozilov nomidagi xalqaro adabiy mukofot bilan taqdirlandilar.
Mukofot Janubiy Qozog‘iston “Do‘stlik” o‘zbek etnomadaniy markazi qoshidagi “Ijodkor” adabiy tashkiloti tomonidan atoqli adib va tarjimon xotirasiga ta’sis etilgan bo‘lib, Muzaffar Ahmad va Rustam Jabborovlar ushbu adabiy mukofotning ilk sovrindorlari bo‘ldilar.
Muzaffar Ahmad 1956-yilda tug‘ilgan. Uning bir qator she’riy kitoblari chop etilgan. Turmag‘ambet Iztileuli, G‘alim Jayliboy, Muqag‘ali Maqatayev, Iran G‘ayib, Temirxon Madadbek kabi qozoq oqinlari va shoirlari she’rlari, Nurg‘ali Qadirboyev, Sabit Do‘sanov, Ersin Qo‘ybaqar o‘g‘li kabi qozoq adiblarining qissa va hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Muzaffar Ahmadning, shuningdek, turkman va qoraqalpoq adabiyotidan ham ko‘plab tarjimalari bor.
Rustam Jabborov 1979-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. 2021-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Bir qator nasriy kitoblari chop etilgan, uning senariylari asosida badiiy, hujjatli va animatsion filmlar yaratilgan.
Rustam Jabborov turk yozuvchilari O‘rxon Kamolning “Tubanlik girdobidagi ayol”, Amina Shenlik o‘g‘lining “Lo‘li”, Okay Tiryaki o‘g‘lining “Mavlono” romanlari, ozarbayjon adiblari Yunus O‘g‘uzning “Otabek Eldengiz”, Vorisning “Umidlar intihoda o‘ladi”, “Senga ishonaman” romanlarini, turkman yozuvchisi O‘raz Yag‘murning “Maxtumqulinoma” roman-tadqiqoti va boshqa shu kabi ko‘plab asarlarni asliyat tilidan o‘zbekchaga mahorat bilan o‘girgan.
Ustozlarni ushbu xalqaro e’tirof bilan chin dildan qutlaymiz.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 iyundagi «badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo ogahi nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to’g’risida« gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, o’zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini chet tillarga tarjima qilishni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, shuningdek, jahon adabiyotining o’zbek tiliga ajoyib namunalarini badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo ogahi nomidagi xalqaro mukofot berilganligi e’lon qilinadi.
Ushbu xalqaro adabiy tanlov mamlakatimizda birinchi marta o’tkazilmoqda va o’zbek adabiyotini dunyoda keng targ’ib qiluvchi tarjimonlar, shuningdek, jahon adabiyotining eng yaxshi asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilib, o’quvchilarga taqdim etayotganlar uchun munosib rag’bat bo’lmoqda. Tanlov shuningdek, yoshlar o’rtasida o’qishni ommalashtirish va xorijda o’zbek yozuvchilarining ijodiga qiziqishni yanada oshirishga qaratilgan.
Tanlov e’lon qilingan sanadan besh yil oldin kitob shaklida yoki bosma davriy nashrlarda, shuningdek elektron adabiy nashrlarda chop etilgan tarjima asarlarini qabul qiladi. Xalqaro tanlov quyidagi nominatsiyalar bo’yicha o’tkaziladi:
– o’zbek adabiyoti proza asarlarining xorijiy tillarga eng yaxshi tarjimasi (kamida 10 ta bosma varaq hajmida); – o’zbek adabiyoti poetik asarlarining xorijiy tillarga eng yaxshi tarjimasi (kamida 5 ta bosma varaq hajmida);
– o’zbek bolalar adabiyotining xorijiy tillarga eng yaxshi tarjimasi (kamida 5 ta bosma varaq hajmida); – xorijiy yozuvchilarning nasriy asarlarini o’zbek tiliga eng yaxshi tarjima qilish(kamida 10 ta bosma varaqdan iborat);
– xorijiy tillardagi she’riy asarlarning o’zbek tiliga eng yaxshi tarjimasi(kamida 5 ta bosma varaq);
xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyotining o’zbek tiliga eng yaxshi tarjimasi (kamida 5 ta bosma varaq).
Sahna asarlarining tarjimalari ushbu bandda ko’rsatilgan qoidalar asosida ko’rib chiqiladi. Xalqaro tanlovga arizalar O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan 2025 yil 1 sentabrgacha qabul qilinadi.
Har bir g’olibga maxsus diplom, ko’krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Qo’shimcha ma’lumotni tanlov veb-saytida topishingiz mumkin ogahiymukofoti.uz.
2025 yil 24–25 may kunlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Do‘rmon bahori” IV adabiy forumi o‘tkazildi. Forumda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, yosh mualliflar, ijodiy seminar qatnashchilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Rus adabiyoti kengashi va badiiy tarjima kengashi faollari, adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar, publitsistlar va tarjimonlar ishtirok etdilar.
Ikki kun davom etgan forumdan ko‘zlangan maqsad ko‘p millatli O‘zbekistonning zamonaviy adabiy muhitini va uning o‘ziga xos qiyofasini asrab-avaylash, o‘zbek va rus adiblari o‘rtasidagi ijodiy muloqotni rivojlantirish, yosh yozuvchi va shoirlarni Respublika Zomin seminarida ishtirok etishga tayyorlash bo‘yicha fikr almashish, nufuzli va yosh yozuvchilar hamda tarjimonlarning tajriba almashishiga erishishdir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida qozoq, tojik va rus adabiyoti bo‘yicha ijodiy kengashlar mavjud bo‘lib, ular atrofida shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslar va dramaturglar birlashib, o‘z ona tillarida asarlar yaratib kelmoqdalar. Ular O‘zbekiston adabiy jarayonida munosib o‘rin egallab, mamlakatimiz madaniy-ma’naviy hayotini o‘z asarlari bilan boyitib kelmoqdalar.
Rus tilida ijod qilgan shoir va yozuvchilar — Zoya Tumanova, Yavdat Ilyosov, Aleksandr Faynberg, Mixail Gar, Raim Farhodiy merosi mamlakatimiz ma’naviy boyligining ajralmas qismidir. O‘zbekistonda yashayotgan shoir, yozuvchi va tarjimonlar rus tiliga tarjimalari orqali o‘zbek adabiyotini xorijda targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdilar. Bugungi kunda Nikolay Ilyin, Yevgeniy Abdullayev, Bax Axmedov, Larisa Yusupova, Artyom Goroxov kabi ijodkorlar o‘zbek adabiyotining faol tarjimonlaridandir.
Forum doirasida 24 may kuni shoir va tarjimon, “Do‘stlik” ordeni sohibi Nikolay Ilyinning 75 yilligi nishonlandi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, yozuvchi Artyom Goroxov, adabiyotshunos Rena Vixrova, shoir Salim Ashur va boshqalar Nikolay Ilyin ijodi, uning o‘zbek adabiyoti targ‘iboti yo‘lidagi faoliyati haqida gapirdilar.
Nikolay Ilyin “Pervaya tetrad” (“Birinchi daftar” – 2004 y.), “Po klavisham dushi” (“Dil torlari bo‘ylab” – 2005 y.), “Na kochevyax vremyon” (“Vaqt manzillarida” – 2006), “Obetovannaya pamyat” (“Orzudagi xotira” – 2008 y.), “Po stopam listopada” (“Xazonrezgi izidan” – 2010), “Listva i korni” (“Yaproqlar va ildizlar” – 2015), “Yesli okno otkryto…” (“Agar deraza ochiq bo‘lsa…” – 2017) kabi she’riy to‘plamlar muallifi. Uning qalamiga mansub she’rlar Qozog‘iston, Latviya, Germaniya, Rossiya, Belarus jurnal va almanaxlarida chop etilgan.
Shoir Alisher Navoiy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Maxtumquli g‘azal va ruboiylari, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Mirtemir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Nodir Jonuzoq, Xosiyat Rustamova, shuningdek, o‘ndan ziyod yosh shoirlar she’rlarini rus tiliga o‘girgan. Tarjimalari “Antologiya uzbekskoy pojezii” (Moskva, 2024) uch jildlik majmuasida e’lon qilingan, tarjimalarini she’r muallifining ijodiga bag‘ishlangan adabiy maqolalari bilan birga jamlab, “Peresekayushchiesya paralleli” (2022) kitobini chop ettirgan.
Shu kuni shoirning o‘zbek mumtoz adabiyotidan qilgan tarjimalari jamlangan “Vetvi volshebnovo dereva”, uning o‘zbek tiliga o‘girilgan asarlari to‘plangan “Hayot go‘zal bag‘oyat” nomli kitobi va Risolat Haydarovaning N. Ilyin hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Kolya aka” essesi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Do‘rmon bahori” IV adabiy forumida, shuningdek, “O‘zbek tilidan ruschaga tarjimaning o‘ziga xos tomonlari”, “Farg‘ona she’riyat maktabi” mavzusida ma’ruza, munozara va muhokamalar bo‘lib o‘tdi, “Tanqid adabiyot janri sifatida” davra suhbati doirasida “Slovovipleski” tanlovi qatnashchilarining ishlari tahlil etildi, “Adabiyot va fan hamdo‘stligi” nomli tadbirda Chirchiq davlat pedagogika universiteti tadqiqotchi va magistrantlarining ma’ruzalari tinglandi.
Forum davomida qator ijodkorlarning kitoblari taqdimotlari, yosh qalamkashlar uchun mahorat saboqlari o‘tkazildi.