O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli tarjimon ijodkorlar Muzaffar Ahmad va Rustam Jabborov qardosh xalqlar adabiyoti namunalarini o‘zbek kitobxoni o‘rtasida ommalashtirishdek xayrli ishga munosib hissa qo‘shganlari uchun Nosir Fozilov nomidagi xalqaro adabiy mukofot bilan taqdirlandilar.
Mukofot Janubiy Qozog‘iston “Do‘stlik” o‘zbek etnomadaniy markazi qoshidagi “Ijodkor” adabiy tashkiloti tomonidan atoqli adib va tarjimon xotirasiga ta’sis etilgan bo‘lib, Muzaffar Ahmad va Rustam Jabborovlar ushbu adabiy mukofotning ilk sovrindorlari bo‘ldilar.
Muzaffar Ahmad 1956-yilda tug‘ilgan. Uning bir qator she’riy kitoblari chop etilgan. Turmag‘ambet Iztileuli, G‘alim Jayliboy, Muqag‘ali Maqatayev, Iran G‘ayib, Temirxon Madadbek kabi qozoq oqinlari va shoirlari she’rlari, Nurg‘ali Qadirboyev, Sabit Do‘sanov, Ersin Qo‘ybaqar o‘g‘li kabi qozoq adiblarining qissa va hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Muzaffar Ahmadning, shuningdek, turkman va qoraqalpoq adabiyotidan ham ko‘plab tarjimalari bor.
Rustam Jabborov 1979-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. 2021-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Bir qator nasriy kitoblari chop etilgan, uning senariylari asosida badiiy, hujjatli va animatsion filmlar yaratilgan.
Rustam Jabborov turk yozuvchilari O‘rxon Kamolning “Tubanlik girdobidagi ayol”, Amina Shenlik o‘g‘lining “Lo‘li”, Okay Tiryaki o‘g‘lining “Mavlono” romanlari, ozarbayjon adiblari Yunus O‘g‘uzning “Otabek Eldengiz”, Vorisning “Umidlar intihoda o‘ladi”, “Senga ishonaman” romanlarini, turkman yozuvchisi O‘raz Yag‘murning “Maxtumqulinoma” roman-tadqiqoti va boshqa shu kabi ko‘plab asarlarni asliyat tilidan o‘zbekchaga mahorat bilan o‘girgan.
Ustozlarni ushbu xalqaro e’tirof bilan chin dildan qutlaymiz.