Xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalarida O’zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2024-yil 4-iyundagi “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori bilan ta’sis etilgan xalqaro mukofot sohiblari taqdirlangani haqida xabarlar chop etilmoqda.
Hindistonda chop etiluvchi “Kashmir Age” kundalik gazetasi Toshkentda 2025-yil 24-dekabrda bo‘lib o‘tgan Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlarini taqdirlash marosimi haqida batafsil axborot chop etdi.
“Ushbu xalqaro mukofot bu yil birinchi marta topshirildi, – deyiladi xabarda. – Taqdirlanganlar orasida Hindiston vakilasi, Prayagrajdagi Rajarshi Tandon Mahila Mahavidyalaya kolleji o‘qituvchisi, shoira va tarjimon Shamenaz Bano ham borligi Vatanimiz ziyolilarining mehnatiga chuqur ehtirom bilan qaralganidan dalolat beradi”.
Chop etilgan xabarda Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning mohiyati va nufuzi to‘g‘risida ma’lumot berilib, ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan boshqa tarjimonlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi haqida iliq so‘zlar bitilgan. Jumladan: “Muhammad Rizo Ogahiy – o‘zbek badiiy tarjima maktabining asoschisi hisoblanadi. 19-asrda yashab o‘tgan bu shoir, olim va tarjimon Sharq mumtoz adabiyoti va Sharq ilmining ko‘plab asarlarini o‘z ona tilisiga o‘girgan bo‘lib, bugungi o‘zbek tarjimonlari o‘zlarini Ogahiy an’analarining davomchisi deb biladilar. Shu boisdan xalqaro mukofotga Ogahiy nomi berilgan. Mukofot o‘zbek adiblari asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotidagi eng yaxshi asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan eng mahoratli tarjimonlarga beriladi”, deyiladi.
“Kashmir Age” kundalik gazetasi Kashmir Press Services Media Group (KPS) kompaniyasi tomonidan 2008-yildan beri ingliz tilida bosma va elektron shaklda chop etib kelinadi. Mazkur gazetaning tahririyati Kashmir shtati poytaxti Shrinagar shahrida joylashgan bo‘lib, bosma nashri Hindistonning eng yirik ikki shtati Jammu va Kashmirda 2 millionga yaqin nusxada tarqaladi. Mazkur nashr Jammu va Kashmir hududidagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy yangiliklardan xabardor etib turuvchi asosiy manbalardan biri sanalgani uchun gazetaning elektron shakli obunachilari butun Hindiston bo‘ylab tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonlik shoira va tarjimon Shamenaz Bano Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning o‘zbek bolalar adabiyotidan xorijiy tillarga tarjima yo‘nalishi bo‘yicha taqdirlangan bo‘lib, u O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning “Meshpolvon” qissasini hindiy tiliga tarjima qilgan, kitob Hindistondagi “Creative Print Media. Inc” nashriyotida chop etilgan edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati