Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish to‘g‘risida”gi qarori Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning taʼsis etilishi adabiy hayotning eng muhim voqeasi bo‘ldi.
Bugun “Renessans” kino uyida ushbu mukofot tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, keng jamoatchilik vakillari hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Dastavval, “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” mavzusidagi videorolik namoyish qilindi. Tantanali tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi.
– Bu mukofot milliy adabiyotimizga jahon adabiyotidagi ilg‘or shakl va izlanishlarni olib kirayotgan, o‘zbek adabiyotining sara asarlarini xorijda targ‘ib qilayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatiga munosib rag‘batdir, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Xalqaro mukofot tanloviga kelgan asarlarni saralash va ko‘rib chiqish tartibi belgilandi. Tanlovga jami 60 nafar tarjimondan ijodiy ishlar qabul qilindi. Bu tanlov nominatsiyasining har biriga o‘rta hisobda 10 nafardan nomzod to‘g‘ri keldi, deganidir.
– Tanlovga kelgan asarlarga baho berish uchun xorijiy til mutaxassislari, tarjimashunoslar, adabiyotshunoslar va tarjima muharrirlaridan iborat ekspertlar guruhi tuzildi, – dedi tanlov ishchi guruhi kotibi Risolat Haydarova. – Asarlarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston davlat jahon tillari, Toshkent davlat sharqshunoslik, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlari mutaxassislari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari faol ishtirok etishdi. Ekspertlardan tashqari, tanlovga kelgan ijodiy ishlarni ko‘rib chiqish uchun ikkita tarkibda ishchi guruh tashkil etildi. Ularning biri – o‘zbek adabiyotidan xorijiy tillarga qilingan tarjimalarni, ikkinchisi jahon adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan tarjimalarni ko‘rib chiqdi.
Prezident qarorida belgilangan 6 ta asosiy nominatsiyadan tashqari qo‘shimcha 3 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ajratildi. Bular – “Badiiy tarjima rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” (O‘zbekiston fuqarolariga), “O‘zbek adabiyotini xorijda faol targ‘ib qilganligi uchun” (xorijlik tarjimonga), “Umidli tarjimon” (yosh tarjimonlarga).
Bugungi taqdirlash marosimida Xalqaro mukofot g‘oliblarining har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari, rag‘batlantiruvchi mukofot egalari esa faxriy yorliq va bazaviy hisoblash miqdorining 55 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
– Bu tanlov tarjimonlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, – dedi tanlov g‘olibi Nodira Ibrohimova. – Avvalo, adabiy jamoatchilikning yuksak eʼtirofi, qolaversa, tarjimonning ijodiy biografiyasi uchun juda yaxshi tavsif, albatta, salmoqli moddiy rag‘bat, bularning bari tarjimonning mehnati, uning keyingi qadamlari uchun ijobiy turtki vazifasini o‘taydi.
Tanlov badiiy tarjima sohasining rivoji uchun ham muhim ahamiyatga ega. Tarjimashunoslik sohasi uchun yangi-yangi tadqiqot obyektlari yaratiladi, o‘zbek adabiyoti targ‘iboti uchun ufqlar kengayadi, yosh tarjimonlarni yetishtirish ishlari ham yangi bosqichga ko‘tariladi, chunki yoshlar intilishi uchun yuksak eʼtirof cho‘qqisi yuzaga keladi.

Zulayho Ahmadjonova tayyorladi.

-->