So‘z yangraydi satrlarda, satrlarning orasida…

2025 yil 24–25 may kunlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Do‘rmon bahori” IV adabiy forumi o‘tkazildi. Forumda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, yosh mualliflar, ijodiy seminar qatnashchilari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Rus adabiyoti kengashi va badiiy tarjima kengashi faollari, adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar, publitsistlar va tarjimonlar ishtirok etdilar.

Ikki kun davom etgan forumdan ko‘zlangan maqsad ko‘p millatli O‘zbekistonning zamonaviy adabiy muhitini va uning o‘ziga xos qiyofasini asrab-avaylash, o‘zbek va rus adiblari o‘rtasidagi ijodiy muloqotni rivojlantirish, yosh yozuvchi va shoirlarni Respublika Zomin seminarida ishtirok etishga tayyorlash bo‘yicha fikr almashish, nufuzli va yosh yozuvchilar hamda tarjimonlarning tajriba almashishiga erishishdir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida qozoq, tojik va rus adabiyoti bo‘yicha ijodiy kengashlar mavjud bo‘lib, ular atrofida shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslar va dramaturglar birlashib, o‘z ona tillarida asarlar yaratib kelmoqdalar. Ular O‘zbekiston adabiy jarayonida munosib o‘rin egallab, mamlakatimiz madaniy-ma’naviy hayotini o‘z asarlari bilan boyitib kelmoqdalar.

Rus tilida ijod qilgan shoir va yozuvchilar — Zoya Tumanova, Yavdat Ilyosov, Aleksandr Faynberg, Mixail Gar, Raim Farhodiy merosi mamlakatimiz ma’naviy boyligining ajralmas qismidir. O‘zbekistonda yashayotgan shoir, yozuvchi va tarjimonlar rus tiliga tarjimalari orqali o‘zbek adabiyotini xorijda targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdilar. Bugungi kunda Nikolay Ilyin, Yevgeniy Abdullayev, Bax Axmedov, Larisa Yusupova, Artyom Goroxov kabi ijodkorlar o‘zbek adabiyotining faol tarjimonlaridandir.

Forum doirasida 24 may kuni shoir va tarjimon, “Do‘stlik” ordeni sohibi Nikolay Ilyinning 75 yilligi nishonlandi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, yozuvchi Artyom Goroxov, adabiyotshunos Rena Vixrova, shoir Salim Ashur va boshqalar Nikolay Ilyin ijodi, uning o‘zbek adabiyoti targ‘iboti yo‘lidagi faoliyati haqida gapirdilar.

Nikolay Ilyin “Pervaya tetrad” (“Birinchi daftar” – 2004 y.), “Po klavisham dushi” (“Dil torlari bo‘ylab” – 2005 y.), “Na kochevyax vremyon” (“Vaqt manzillarida” – 2006), “Obetovannaya pamyat” (“Orzudagi xotira” – 2008 y.), “Po stopam listopada” (“Xazonrezgi izidan” – 2010), “Listva i korni” (“Yaproqlar va ildizlar” – 2015), “Yesli okno otkryto…” (“Agar deraza ochiq bo‘lsa…” – 2017) kabi she’riy to‘plamlar muallifi. Uning qalamiga mansub she’rlar Qozog‘iston, Latviya, Germaniya, Rossiya, Belarus jurnal va almanaxlarida chop etilgan.

Shoir Alisher Navoiy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Maxtumquli g‘azal va ruboiylari, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Mirtemir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Nodir Jonuzoq, Xosiyat Rustamova, shuningdek, o‘ndan ziyod yosh shoirlar she’rlarini rus tiliga o‘girgan. Tarjimalari “Antologiya uzbekskoy pojezii” (Moskva, 2024) uch jildlik majmuasida e’lon qilingan, tarjimalarini she’r muallifining ijodiga bag‘ishlangan adabiy maqolalari bilan birga jamlab, “Peresekayushchiesya paralleli” (2022) kitobini chop ettirgan.

Shu kuni shoirning o‘zbek mumtoz adabiyotidan qilgan tarjimalari jamlangan “Vetvi volshebnovo dereva”, uning o‘zbek tiliga o‘girilgan asarlari to‘plangan “Hayot go‘zal bag‘oyat” nomli kitobi va Risolat Haydarovaning N. Ilyin hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Kolya aka” essesi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Do‘rmon bahori” IV adabiy forumida, shuningdek, “O‘zbek tilidan ruschaga tarjimaning o‘ziga xos tomonlari”, “Farg‘ona she’riyat maktabi” mavzusida ma’ruza, munozara va muhokamalar bo‘lib o‘tdi, “Tanqid adabiyot janri sifatida” davra suhbati doirasida “Slovovipleski” tanlovi qatnashchilarining ishlari tahlil etildi, “Adabiyot va fan hamdo‘stligi” nomli tadbirda Chirchiq davlat pedagogika universiteti tadqiqotchi va magistrantlarining ma’ruzalari tinglandi.

Forum davomida qator ijodkorlarning kitoblari taqdimotlari, yosh qalamkashlar uchun mahorat saboqlari o‘tkazildi.

-->